Bugunimizni bashorat qilgan ixtiro - "Robotlar"ni kim oʻylab topgan edi?

robotlar

Сурат манбаси, Getty Images

Published
Ўқилиш вақти: 9 дақ

Ikki mashhur yozuvchi inson tabiati va texnologiya olib kelishi mumkin boʻlgan distopik dahshatlar haqida yozdi. Dorian Linski ijodi bugungi kunda ham jaranglab kelayotgan mazkur ikki yozuvchining hayotidagi parallellikka nazar tashlaydi.

1920-yili kunlarning birida chex yozuvchisi Karel Chapek akasi, rassom Iosifga maslahat soʻrab murojaat qildi.

Karel sunʼiy yaratilgan ishchilar haqida pyesa yozayotgan edi, lekin ularga nom topolmay qiynalardi. "Men ularni "laboratorlar" deb atagan boʻlardim, lekin bu menga biroz gʻalati tuyulyapti", dedi u polotno ustida ishlayotgan Jozefga.

"Unday boʻlsa, ularni "robotlar" deb ata", deb javob qildi Iosif ogʻzida choʻtka bandidan tutgancha. Bu orada Petrogradda (sobiq Sankt-Peterburg) rus yozuvchisi Yevgeniy Zamyatin roman yozayotgan edi, unda tasvirlangan kelajakdagi yuksak texnologiyali diktatura oxir-oqibat Chapek robotlaridek taʼsirli boʻladi.

Ikkala asarning yoshi bir asrga kirdi. Chapek 1920-yilda oʻzining "RUR" pyesasini nashr etdi, lekin u 1921-yil yanvarigacha sahnalashtirilmadi.

Garchi Zamyatin oʻzining "Biz" romani qoʻlyozmasini 1921-yilda taqdim etgan boʻlsa da, u asosan ilgari yozilgan va keyinroq nashr etilgan.

Biroq 1921-yil ularning umumiy tugʻilgan yili boʻldi va shu tariqa tilimizga robot va mexanizatsiyalashgan distopiya kirib keldi, oʻshandan beri bu ikki tushuncha eskirgani yoʻq.

Chapek 1920-yilda yozganidek: "Siz bugungi kunning kaftida kelajak haqida nimanidir oʻqishingiz mumkin".

"RUR" "Rossumning universal robotlari"ning qisqartmasidir.

"Rossum" chexcha "rozum"dan (aql) yasalgan va "Robota" "krepostnoylik" degan maʼnoni anglatadi. "Chapek komediyasi qisman fan, qisman haqiqat" - ommaviy ishlab chiqarish davri uchun Frankenshteyn hikoyasi.

Rossum robotlari S-3PO yoki VALL-Idan koʻra "Tigʻ boʻylab yuguruvchi" replikantlariga koʻproq oʻxshaydi: biomuhandislik asosida yaratilgan sunʼiy odamlar, haqiqiylardan deyarli farq qilmaydi, ular egalari ishdan keyin utopiyadan bahramand boʻlishlari uchun dunyodagi koʻp ishlarni bajaradilar.

Reja muqarrar ravishda buziladi. Robotlar genotsid inqilobini rejalashtirayotganda, odamlar dangasa va bepusht boʻladi.

"Biz odamlarni emas, balki mashinalarni yaratdik, inson tartibotining oʻlchovini, - deb yozgan edi keyinroq Chapek, - lekin bu mashinalarning aybi emas, bizning aybimiz."

"RUR" darhol xalqaro muvaffaqiyatga erishdi; 1923-yilga kelib u 30 tilga tarjima qilindi va Vest End va Brodveyda sahnalashtirildi.

Shunisi eʼtiborliki, bu 1927-yilda Bi bi sida efirga uzatilgan birinchi radio shou va 1938-yilda dunyodagi birinchi televizion ilmiy-fantastik drama edi.

Oʻshandan beri "Yulduzlar yoʻli", "Doktor Kim" va "Futurama" filmlarida "RUR"ga allyuziyalar paydo boʻldi.

pyesa

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Chapekning "RUR" pyesasi shunchalar mashhurligidan u tarixda sezilarli iz qoldirgan.

"Biz" ham bir xil darajada muhim asardir. Bir qator yozuvchilar, jumladan, Jek London va H. G. Uells ilgari distopik romanlar yozishga harakat qilgan, ammo Zamyatin birinchi boʻlib distopiyaga andaza boʻla oladigan izchil konsepsiyani kerakli syujet bilan birlashtira oldi.

"Biz" oʻta darajada aqlga asoslangan Yakka Davlatda boʻladi, u yerda ishdan tortib jinsiy aloqagacha boʻlgan hamma narsa matematik tarzda tartibga solinadi, formadagi "numerlar"ning ismi yoʻq, raqamlari bor va hamma sirli diktator qoʻmondonligi ostidagi qoʻriqchilar tomonidan nazorat qilinadi.

Bosh qahramon D-530 zerikarli va itoatkor raketa muhandisi. Uni I-330 ismli xarizmatik bir dissident ayol maxfiy inqilobiy harakatga jalb qiladi. Koʻp tartibsizliklardan soʻng, isyonchilar yoʻq qilinadi, I-330 qatl qilinadi va D-530 toʻliq itoatkorlik uchun lobotomizatsiya qilinadi.

Zamyatin nomukammal, mantiqsiz va baʼzan baxtsiz, yaʼni inson boʻlish erkinligini taʼkidlaydi.

Agar bu syujet biroz "1984"ni eslatsa, bilingki Jorj Oruell "Biz"dan taʼsirlangan, 1940-yillarda uning ingliz tiliga toʻliq tarjimasini nashr ettirishga uringan va bu asarning tanilishiga katta hissa qoʻshgan.

Garchi u oʻz romani rejasini "Biz" haqida eshitmasidan oldin yozgan boʻlsada, ammo 1984 xarakterlari shakllanishiga aniq taʼsir koʻrsatdi.

Uning taʼsiri Ayn Rendning "Madhiya"si, Jorj Lukasning "THX 1138", Kurt Vonnegutning "Pianochi" va "Lego" filmida ham yaqqol namoyon boʻladi.

Ikki kitobning umumiy merosi behisob - agar ilmiy fantastikada tajribangiz boʻlsa, "RUR" va "Biz"ning baʼzi elementlarini oʻzlashtirgan boʻlishingiz mumkin.

Biroq ularni yozgan odamlarning parallel hayoti juda kam maʼlum. Chapek va Zamyatin olti yil farq bilan dunyoga kelgan va ikki yil farqi bilan, Ikkinchi Jahon urushidan sal oldin vafot etgan.

Ikkalasi ham favqulodda aql va jasoratli erkin fikrlovchilari boʻlib, dramalar, romanlar, hikoyalar yozgan, tarjimalari va publitsistik asarlari bor.

Ikkalasi ham anglofil edi va ayniqsa Herbert Uellsni yaxshi koʻrar edi. Har ikkisi ham ikki jahon urushi oraligʻida dogma, traybalizm va tilning buzilishi xavfidan ogoh edilar.

Totalitarizm tahdidini tezda anglagan har ikki yozuvchi alal-oqibat shu tahdidning qurboni boʻldi. Ularning eng mashhur asarlari ularning hayotini oʻzgartirdi, ammo tubdan farqli tarzda: "RUR" Chapekni adabiy yulduzga aylantirdi, "Biz" esa Zamyatinni quvgʻin qildi.

Ularning hayotlari va nima uchun inson tabiatining eng chirkin jihatlari bilan birlashgan texnologiyadan yuzaga keladigan dahshatlar haqida asar yozganliklarini tushunmasdan turib, ularning ommalashgan tasavvurga qoʻshgan hissalarini chinakam anglab boʻlmaydi.

Yevgeniy Ivanovich Zamyatin 1884-yilda Moskvadan 400 km janubda joylashgan Rossiyaning Lebedyan shaharchasida tugʻilgan.

Uning otasi pravoslav ruhoniy, onasi musiqachi edi. Zamyatin 1902-yilda maktabni aʼlo baholar bilan tugatdi va Sankt-Peterburg politexnika institutiga oʻqishga kirdi va u yerda bolshevik boʻldi.

U doim eng qiyin yoʻlni tanlaydigan izlanuvchan, jangovar qalb egasi edi.

1906-yilda u boʻlajak rafiqasi Lyudmila Nikolayevnaga shunday yozdi: "Men mudom yangilik, xilma-xillik, xavf-xatarni qidirardim - aks holda [hayot) juda sovuq, juda boʻsh tuyulardi".

chapek

Karel Chapek 1890-yilda Avstriya-Vengriya imperiyasiga qarashli Shimoliy Bogemiyadagi qishloqda tugʻilgan.

Bolalikdagi qizilcha kasalligi surunkali bel ogʻrigʻi, bosh ogʻrigʻi va qaddi bukik yurishiga sabab boʻlgan artritga olib keldi. U hassa tayanib yurardi va boshini bura olmasdi.

Biroq, uning aqli oʻtkir edi. 1932-yilda radio orqali oʻtkazilgan "Men qanday men boʻldim" deb nomlangan suhbatda u oʻzining pragmatizmi va intellektual qiziquvchanligini qishloq shifokori boʻlgan otasidan, "romantik sezgirlik" va "fantastsizm"ini esa onasidan olganligini aytgan.

Mustaqillik tarafdorlarining yashirin jamiyatiga aʼzoligi uchun 1905-yilda oʻrta maktabdan haydalganiga qaramay, Berlin va Parijda adabiyot oʻrganishni davom ettirdi.

Chapek quvilgan bir vaqtda, Zamyatin birinchi marta podshoh maxfiy politsiyasi tomonidan bolsheviklar halqasiga mansubligi uchun hibsga olingan. U uch oy davomida bir kishilik kamerada oʻtirdi va bu tajriba uning "Yolgʻiz" nomli birinchi hikoyasini yozishga ilhomlantirdi.

1911-yilda yana hibsga olinib, shahardan haydalgach, romanlar yoza boshlaydi. "Agar rus adabiyotida nimadir demoqchi boʻlsam, hammasi uchun Sankt-Peterburg maxfiy politsiyasiga qarzdorman", deb hazillashdi u avtobiografik qoralamada.

Lekin aynan oʻshanda ruhiy tushkunlik va surunkali kolitdan azob cheka boshlaganini aytmagan.

Birinchi jahon urushi boshlanganda, Chapek sogʻligʻi sababli harbiy xizmatdan ozod qilindi va oʻqishni davom ettirdi, 1915-yilda Praga universitetida falsafa doktori ilmiy darajasini oldi.

Biroq Zamyatin qimmatli muhandislik mahoratiga ega edi, shuning uchun Rossiya hukumati uni 1916-yilda Nyukaslga yubordi va u yerda Rossiya dengiz floti uchun muzyorarlarni loyihalashtirdi. D-530 singari u ham kema quruvchi edi.

Zamyatinning oʻzini janoblarcha tutishi, ajoyib zehni va emotsional vazminligi uchun doʻstlari unga "ingliz" deb laqab qoʻyishgandi. U inqilob vaqtida Peterburgga qaytib keldi.

Toʻqima inqiloblar

1917-yil oktyabr voqealari "Biz"ni ham, "RUR"ni ham qamrab oldi.

Ularda tasvirlangan inqiloblar bir-biriga qarama-qarshi boʻlishi mumkin - Chapekning robotlari oʻzlarining inson xoʻjayinlarini agʻdaradi, Zamyatin isyonchilari esa texnologik taraqqiyot tomonidan tor-mor qilinadi, lekin ikkala holatda ham mashinalar gʻalaba qozonadi.

Zamyatin Rossiyaning bir zulmni boshqasi bilan almashtirish ehtimolidan ogohlantirdi, lekin Chapek singari u ham odamlarni "mashinaga oʻxshatgan kapitalistik innovatsiyalarni", birinchi galda, Frederik Uinslou Teylorning boshqaruv fani va Genri Fordning yigʻish liniyalarini masxara qildi.

U 1932-yildagi intervyusida tushuntirganidek, "Ushbu roman insoniyatga tahdid soluvchi ikki tomonlama xavf haqida ogohlantiradi: mashinalarning haddan tashqari kuchayishi va davlatning oshib ketgan kuchi".

zamyatin

Сурат манбаси, Alamy

Сурат тагсўзи, Yevgeniy Zamyatinning 1923-yilda rassom Boris Kustodiyev tomonidan ishlangan portreti.

Uchinchi kontekst birinchi mexanizatsiyalashgan global mojaroning natijasi boʻlib, uning yoʻqotishlari orasida urushdan oldingi texnologik taraqqiyotga nisbatan optimizm ham bor edi.

Tanklar, uchoqlar va zaharli gazlar bilan qilingan urush, deb yozadi Zamyatin, odamni "son, raqam"ga tushirdi.

Avstriya-Vengriya magʻlubiyatga uchragach, 1918-yil oktyabrida Chexoslovakiya mustaqil davlatga aylandi.

"Bu bir tomchi qon ham toʻkilmagan, hatto derazasi ham sinmagan inqilob edi", deb gʻurur bilan yozadi Chapek 20 yoshga toʻlgan kunida.

U yosh mamlakatining birinchi adabiy mashhuriga aylandi. Faqat 1920 va 1921-yillarda u "RUR"ni yozishdan tashqari, ilgʻor "Xalq gazetasi" uchun kolumnist boʻldi, Praganing Vinohradi teatrida yozuvchi-prodyuser boʻldi va oʻz bogʻida haftalik intellektual salon ochdi, uning aʼzolari "Juma erkaklari" nomi bilan tanilgan.

U 17 yoshli Olga Shaynpflyugova ismli aktrisani ham sevib qoldi, 1935-yilda unga uylandi.

Uning Olgaga yozgan maktublarida uyatchanlik va ikkilanishlari koʻrinadi (Bir gal fransuz yozuvchisi Romen Rollan bilan "RUR"ning sahnalashtirilgan tomoshasiga tushganida, to tomosha tugaguncha, kamchiliklar uchun uzr soʻrab oʻtirgan), lekin gazeta sahifasida u oʻziga ishonch va zukkolikni namoyon qildi.

Chapek oʻz mamlakatida erkinlik va demokratiyaning yangi tongidan zavqlanar ekan, Zamyatin 1918-yilda yoq "inqilob gʻalabaning umumiy qoidasidan qochib qutula olmadi: u mahdud boʻlib qoldi…

Va har bir mahdud odam eng koʻp nafratlanadigan narsa - bu isyon. Boshqacha fikr yuritishga jurʼat etgan isyonchi", deb yozdi.

Siyosat, falsafa va fizikani aralashtirib, u bir qator yorqin esselarida inqilobiy energiya turgʻun va zulmkor narsaga aylanishidan ogohlantirdi va yagona davo doimiy inqilob ekanligini taʼkidladi.

"Inqiloblar cheksizdir", deydi I-330 D-530 "Biz"da. Zamyatinning yeretik falsafasi muqarrar ravishda yangi tuzumga yoqmadi.

Uni Troskiyning oʻzi "ichki muhojir" deb eʼlon qilgan va ikki marta, 1919 va 1922-yillarda maxfiy politsiya tomonidan hibsga olindi.

"Qiziq, shunday emasmi? - deb yozdi u Aleksandr Voronskiyga. - Avval men bolshevik boʻlganim uchun qamalganman, hozir esa bolsheviklar meni qamashyapti."

Inqilobni qoʻllab-quvvatlagan, ammo sodiq kommunist boʻlmagan ojiz yozuvchilar adabiyot giganti hisoblangan Maksim Gorkiyning himoyasisiz yanada qiyinroq ahvolda qolar edi.

biz

Сурат манбаси, Alamy

Сурат тагсўзи, Yevgeniy Zamyatinning "Biz" romani inson tabiati, texnologiya va siyosat borasidagi mulohazalarga toʻla.

Mehnatkash va hamma tomonidan sevilgan Zamyatin Gorkiy nomidagi "Vsemirnaya literatura" nashriyotiga ishga kirdi va 1920-yilda Petrogradda uchrashgan H. G. Uells kitoblarining tarjimalarini nashr etishni shaxsan bosh qosh boʻldi.

Chapek ham 1924-yilda Angliyaga qilgan safari chogʻida Uells bilan koʻrishdi va uning "ajoyib falsafiy fantastik" romani "Mutlaq kattalik"ni (1922) Zamyatin Uellsning "mexanik, kimyoviy ertaklari" taʼsiriga misol sifatida keltirgan.

"Vaqt mashinasi" va "Dunyolar urushi" kitoblari muallifi sharofati bilan, ilk ilmiy fantastika, oʻz mohiyatiga koʻra, dunyo qanday boʻlgan yoki boʻlishi mumkinligi haqidagi gʻoyalar uchun siyosiy forumga aylandi.

Zamyatin oʻz oʻquvchilarini radikal gʻoyalar va zamonaviy nasr bilan hayratda qoldirgan va ilhomlantirgan boʻlsa, Chapek u bilan doʻstlashishga intildi.

"Mavjud hamma narsaga qiziqaman" deb, u 3000 dan ortiq maqola, shuningdek, romanlar, hikoyalar, pyesalar, ssenariylar va bolalar kitoblarini yozgan.

Uning qisqa maqola yoki felyetonlari silliq, xalqona ohangida oʻqilishi; aqlli aforizmlari; oddiy hayot va tabiiy dunyoni olqishlashi; snoblik va elitizmni tanqid qilishi; gʻayriinsoniy mavhumlikdan nafratlanishi; va tilga qiziqish ifodasi bilan Oruellni esga soladi.

Oruellning "Siyosat va ingliz tili" nomli essesidan oʻnlab yil oldin Chapek yomon adabiyot va xavfli siyosat oʻrtasidagi munosabatni shunday tasvirlab bergan:

"Siyqa soʻzlar haqiqat va yolgʻon oʻrtasidagi farqni xiralashtiradi. Agar siyqa soʻzlar boʻlmaganida, demagoglar va ommaviy yolgʻon gaplar boʻlmas edi, ritorikadan boshlanib genotsidda tugagan siyosiy oʻyinlar ham oson boʻlmasdi".

Biroq, u inson tabiatiga nisbatan Oruelldan koʻra koʻproq optimistik qaraydi.

"Men koʻrish buyuk donolik ekanligiga ishonaman, - deb yozgan edi u 1920-yilda, - koʻp narsani koʻrish hukm qilishdan koʻra foydaliroqdir".

Chapek Chexoslovakiyaning birinchi prezidenti Tomash Masarikning yaqin doʻsti edi, uning hukumatini kommunizm va fashizmning kuchayib borayotgan ekstremallari oʻrtasidagi insonparvar, demokratik oʻrta yoʻl deb bilardi.

1924-yilda u "Nega men kommunist emasman?" nomli essesini yozdi. U kommunistlar odamlarga shaxs sifatida emas, balki faqat inqilobiy omma sifatida qiziqadi, deb javob berdi.

"Nafrat, bilimsizlik, tub ishonchsizlik - kommunizmning ruhiy dunyosi shunday", deb yozgan u.

Aksincha, "Men oʻzimni odamni odam boʻlgani uchun yoqtiradigan ahmoqlar qatoriga kiritaman".

U odamlar "atomlar kabi inqilobchi" boʻlishi va birinchi galda oʻzini oʻzgartirish orqali dunyoni oʻzgartirishi kerak, deb hisoblagan.

Esse chex kommunistlarining gʻazabini qoʻzgʻatdi, ammo ular hokimiyatda emas edilar.

Bir partiyaviy davlatda yashovchi Zamyatin uchun bunday siyosiy mustaqil bayonotlar xavfli edi.

Stalin Leninning oʻrniga kelgach, uning maktublari senzuradan oʻtkazildi, maqolalari rad etildi, u ishlagan davriy matbuot va nashriyotlar yopildi.

1925-yilda unga "Biz"ni, oʻzi taxmin qilganidek, Rossiyada rasman nashr qilib boʻlmasligini aytishdi.

"Men tez-tez qiyinchiliklarga duch kelaman, chunki men bukilmas va irodali odamman, - dedi u doʻstiga. - Va shunday qolaman."

1929-yilda uning dushmanlari Pragada rus muhojirlari tomonidan ruxsatsiz nashr etilgan "Biz"dan olingan parchalardan foydalanib, Zamyatinni "aksilsovet" gʻoyalarini tarqatganlikda aybladi va shu tariqa u adabiy "oʻlim hukmi" deb atagan hukmni chiqarishdi.

1931-yilda u Stalindan Rossiyani butunlay tark etish uchun ruxsat oldi, lekin Lyudmila bilan Parijdagi surgundagi hayoti uni yozuvchi sifatida jonlantirmadi.

Tugallanmagan roman va asosan filmga aylanmagan ssenariylar ustida oʻtkazgan bir necha mashaqqatli yillardan soʻng, u 1937-yil 10-martida yurak xurujidan vafot etdi.

Chapek, aksincha, kuchayib borardi. U bir necha bor adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod boʻlgan va Uells undan PEN xalqaro yozuvchilar guruhi prezidenti boʻlishini soʻragan.

Biroq, uning muvaffaqiyati Gitlerning oʻz vatani uchun rejalaridan xabardorligi tufayli soyada qoldi va u Chexoslovakiyaning eng koʻzga koʻringan antifashistlaridan biriga aylandi.

U 1934-yilda yozgan edi: "Biz hammamiz dunyoqarashlar, avlodlar, siyosiy tamoyillar va bizni ajratib turadigan barcha narsalar oʻrtasidagi ziddiyatlarda gʻalati va hal qilib boʻlmaydigan narsa borligini his qila boshladik".

RUR

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Berlindagi teatr aktyorlari "RUR" asosida tayyorlangan spektaklda rol ijro etmoqda. Taxminan 1923-yil.

Chapek millatchilik, mustamlakachilik, militarizm va irqchilik haqidagi ajoyib satira "Salamandrlarga qarshi urush"da (1936) "RUR"da koʻtarilgan takabburlik, ochkoʻzlik va urush mavzulariga yana qaytdi.

Odamlar dengizda yashovchi aqlli salamandrlarni kashf etganda, ularni qul sifatida ishlashga majbur qiladilar, ammo tez rivojlanayotgan amfibiyalar koʻpayib, nazorat qilish qiyin boʻlib qoladi va oʻzlariga koʻproq hayotiy makon talab qiladi.

Bosh Salamandrning gitlercha qoʻmondonligi ostida salamandrlar katta yerlarni bosib oladi. Chapek "Salamandrlarga qarshi urush" asarida dunyoning oxiri qanday tugashini tushuntiradi: "Hech qanday kosmik falokat yoʻq, faqat davlat, rasmiy, iqtisodiy va boshqa sabablardan boshqa hech narsa… buning uchun barchamiz javobgarmiz".

Xuddi shunday antifashistik messj uning 1937-yilda yozilgan "Oq oʻlat" pyesasida ham uchraydi, unda urush tarafdori boʻlgan olomon pandemiyaga qarshi yagona ziddizaharni yoʻq qiladi va bu oʻziga xos ommaviy suitsidga olib keladi.

"Salamandrlarga qarshi urush"da Yevropa kuchlari oʻzlarini qutqarish umidida Xitoyni salamandrlarga sotadilar.

1938-yil oktyabrida Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya oʻrtasidagi Myunxen kelishuvi Chapekning vatani uchun xuddi shunday qildi.

"Mening dunyom oʻldi, - dedi u doʻsti Ferdinand Perutkaga. - Yozish uchun boshqa sabab yoʻq."

Oʻng tomondan qoralashlar va oʻlim tahdidlariga qaramay, u oʻz sevimli mamlakatini tark etishdan bosh tortdi.

Gestapo uni Chexoslovakiya bosqinidan keyin hibsga olinishi kerak boʻlgan shaxslar roʻyxatiga kiritdi.

Biroq, 1939-yil mart oyida natsistlar uning eshigiga kelganlarida, ular juda kechikkanliklarini bildilar.

Oʻzining sevimli bogʻida ishlayotganida, Chapek ikki tomonlama pnevmoniyaga aylangan shamollashga chalindi va 1938-yil Mavlud kunida vafot etdi.

"Men shifokor sifatida uning oʻlganini bilaman, chunki oʻsha paytlarda antibiotiklar va sulfat preparatlari yoʻq edi, - dedi uning doʻsti doktor Karel Shtaynbax, - lekin Myunxen bitimi uni oʻldirdi deydiganlar ham adashmayapti".

Uning natsistlar bosqinidan omon qolishi dargumon edi. Konslagerlarda vafot etgan "Juma erkaklari" orasida ozod etilishidan bir necha kun oldin Bergen-Belsenda vafot etgan Jozef ham bor edi.

Karelning Pragadagi qabr toshidagi yozuvda shunday deyilgan: "Bu yerda rassom va shoir Iosif Chapek dafn etilishi kerak edi. Qabri uzoqda".

Chapekning yozuvchilik faoliyati deyarli mustaqil Chexoslovakiyaning tugʻilishi va oʻlimiga toʻgʻri keldi; Zamyatinniki esa Romanovlarning soʻnggi kunlaridan to Stalinning Buyuk Terroriga qadar davom etdi.

Fashizmni, kommunizmni va imperializmni rad etgan ushbu jasur va hayoti fojiali ziyolilar oʻzlari yashagan qadriyatlarning magʻlubiyatga uchraganiga guvoh boʻldilar.

Axir, ularning tasavvuridan da ustun boʻlgan yagona narsa bor edi - ularning axloqiy jasorati. Ularning hayotini robotlar yoki kosmik kemalar emas, balki insoniyligining bir qismini shafqatsiz mafkuralarga sotgan odamlar buzdi.

Chapekning "Bir butun absolyut" asaridagi qahramonlaridan biri aytganidek: "Bilasizmi, inson qanchalik katta narsaga ishonsa, ishonmaydiganlardan shunchalik qattiq nafratlanadi. Va shunga qaramay, barcha eʼtiqodlarning eng kattasi odamlarga ishonishdir."

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002